Filologik ta’limda xorijiy tajriba: Benedik Peri tomonidan mahorat darslari tashkil etildi

2017-yil 7-8-fevral kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markaziga Vengriya Respublikasidan filologiya fanlari doktori, professor Benedek Peri “O‘zbek adabiyotining falsafiy-estetik asoslari” moduli bo‘yicha mahorat darslarini o‘tkazdi.
Professor Benedek Peri Vengriyaning Budapesht shahrida joylashgan Etvosh Lorand universitetning turkiyshunoslik kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritadi hamda turkiy xalqlar adabiyoti, jumladan, usmonlilar davri adabiyoti, O‘rta Osiyo turkiy adabiyoti, xususan, Mir Alisher Navoiy ijodi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi.


Mahorat darslarini Benedek Peri turk va ingliz tillarida olib bordi. Mashg‘ulotlar jarayonida xorijda o‘zbek adabiyotining o‘rganilishi, janr xususiyatlarining qiyosiy-tipologik tahlili va o‘zbek adabiyotining tekstologik masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Ayniqsa, o‘zbek adabiyotining boy falsafiy-badiiy timsollari tadqiqotchilarni hayratda qoldirishi, botiniy va zohiriy ishq timsollarining mumtoz va zamonaviy o‘zbek adabiyotida vorisiylik xarakterini kasb etayotganligini aniq misollar asosida yoritib berdi.

Mahorat darslarining ikkinchi kunida qayta tayyorlash va malaka oshirish kursi tinglovchilari mashg‘ulotlar debat va munozara shakllarida amalga oshirilib, ingliz va turk tillarida berilgan savollarga mutaxassis ilmiy-amaliy tajribasi asosida o‘z mulohazalarini bildirdi. Tinglovchilarning fors, turk va ingliz tillarida bemalol munoazaraga kirishishlari mutaxassisda katta taassurot qoldirdi. Hayratini ichiga yashira olmagan mutaxassis “Shu paytgacha qator davlatlarda o‘z ma’ruzalarim bilan ishtirok etgan bo‘lsam, bunday interfaol mashg‘ulotni, yangiliklarni o‘zlashtirishga ishtiyoqmand tinglovchilarni ko‘rmaganman”, deya e’tirof etdi.
Tinglovchilar mahorat darslari jarayonida Benedek Perining “Mir Alisher Navoiy forsiy she’riyatining Usmonli Sulton Salim I g‘azallariga ta’siri” mavzusidagi taqdimotini ham tinglashdi. Tinglovchilar Alisher Navoiyning “Devoni Foniy” fors tilidagi she’riy to‘plamidagi g‘azallarni tizimli tahlil etish malakalarini ham o‘zlashtirishdi.

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.