“Alisher Navoiy va XXI asr” an’anaviy ilmiy-amaliy anjuman bo’lib o’tdi

Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy – Sharq Renessansining yirik namoyandasi sifatida jahon sivilizatsiyasi tarixida, ayniqsa, turkiyzabon xalqlar madaniy va ma’naviy hayotining rivojida alohida o‘rin tutadigan yorqin shaxsdir. U o‘z asarlarida ma’naviy poklik, xalqparvarlik va ma’rifatparvarlikni kuylab, o‘z avlodlariga buyuk adabiy-falsafiy va ilmiy meros qoldirdi.
Yurtimizda Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi universitetda mana uch yildirki “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusidagi an’anaviy ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilib kelinmoqda. Joriy yilda universitet xalqaro miqyosda faoliyat yuritish bosqichiga o‘tdi. Buning dalili ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy merosini o‘rganish va tadqiq qilishga bag‘ishlangan konferensiyaning jahon miqyosida o‘tkazilayotganidir.
Bu galgi anjumanda jahonning o‘ndan ortiq davlatidan tashrif buyurgan navoiyshunos va adabiyotshunos olimlar ishtirok etmoqda. Angliya, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Afg‘oniston, Fransiya, Qozog‘iston, Hindiston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarning yetakchi universitetlari professorlari o‘z ma’ruzalarida bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy tarbiya ustuvorligi siyosatiga alohida baho berib o‘tdilar.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Madjidov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Ahatov, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekistondagi elchisi Kristofer Allan, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Mehmet Sureyya Er, Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Sodiq Imomi Ashurboyzoda va ko‘plab faxriy mehmonlar ishtirok etishdi.
Konferensiyaning eng ahamiyatli jihati shuki, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Alisher Navoiy asarlari to‘la faksimile nusxalari to‘plamini chop etish haqidagi g‘oyasiga javoban qator davlatlarning kutubxonalarida saqlanayotgan mo‘tabar qo‘lyozmalarning raqamli nusxalari Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Turkiya, Tojikiston vakillari tomonidan universitetga taqdim etildi. Ushbu marosimda ishtirok etgan xorijiy davlatlarning elchilari ham O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Anjumanda Alisher Navoiy adabiy merosining jahon tamaddunida tutgan o‘rni, shoir asarlarining xorijiy tillarga tarjima qilinishi, Alisher Navoiy adabiy merosi va matnshunoslik masalalari, ta’lim tizimida Navoiy asarlarini o‘qitish muammolari kabi qator yo‘nalishlarda ma’ruzalar tinglandi.

Matnlarda xatolikka ko`zingiz tushsa, xato jumlani tanlab Ctrl+Enter tugmalariga bosing va bu haqda administratorga xabar yuboring.